xTest.uz Diagnostik testlar
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Bu yil yurisprudensiya yo‘lishidagi imtihonlarda nimalar o‘zgardi?

26-may 18:37
Bu yil yurisprudensiya yo‘lishidagi imtihonlarda nimalar o‘zgardi?

2022-yil 21-dekabrda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2023-2024-o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va ularga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi tasdiqlanib, e’lon qilingan. Unda “Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishi uchun huquqshunoslik fanlari 1-mutaxassislik fani sifatida belgilangan.

Bilimni baholash agentligi tomonidan 2022-yil 28-oktabrda abituriyentlar test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun tavsiya etilgan darsliklar va o‘quv adabiyotlar ro‘yxati e’lon qilingan. Bunda huquqshunoslik fanlari bo‘yicha tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham mavjud bo‘lib, unda qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish kiritilgan taqdirda qonunchilikning asl manbaiga murojaat qilinishi belgilangan.

Ma’lumki, 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendum natijalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi to‘g‘risida” O‘RQ-837-son Konstitutsiyaviy Qonuni qabul qilindi.

Shu sababli 2023-yil 22-23-may kunlari Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari tomonidan tavsiya etilgan huquqshunoslik fanlari bo‘yicha ta’lim beruvchi mutaxassislar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda huquqshunoslik fanidan test topshiriqlarini shakllantirish masalasi muhokama qilinib, test topshiriqlari o‘quv dasturlariga kiritilgan mavzular doirasida qonunchilik hujjatlariga kiritilgan o‘zgarishlarni inobatga olgan holda amaldagi qonunchilik hujjatlari, jumladan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida shakllantirilishi maqsadga muvofiq deb topildi.

Shu sababli “Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar test sinovlariga amaldagi qonunchilik hujjatlari, shu jumladan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida tayyorgarlik ko‘rishlari lozimligini ma’lum qilamiz.