xTest.uz Diagnostik testlar
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Davlat oliygohi yopilsa, qanday yo‘l tutiladi?

07-aprel 17:11
Davlat oliygohi yopilsa, qanday yo‘l tutiladi?

Nodavlat oliygoh va davlat oliygohining yopilishida ham ikki xil huquqiy standartlar amal qiladi. O‘zi davlat oliygohlari kamdan kam holda yopiladi, lekin shunaqa bo‘lishiga qaramasdan yopilgan holatlari ham bor.

Masalan, bir qancha yil oldin Angren davlat pedagogika universiteti yopilgan edi, ana shunda davlat talabalarni nima qildi deb o‘ylaysiz?

Albatta davlat oliygohi yopilganda birdaniga palapartish tartibda o‘qishni ko‘chirish degan tushuncha bo‘lmadi, davlat birinchi kursga qabul qilgan talabalarni to‘rtinchi kursni bitirib ketishlari uchun sharoit yaratib berdi, lekin boshqa birinchi kursga abituriyent qabul qilmadi.

Ya’ni bir davlat universitetining yopilishi to‘rt yil vaqt oldi, ana undan keyin yopildi. Nodavlat oliygohlarda esa boshqacha tartib, sud qaroridan keyin birdaniga ijro ishi boshlanib ketadi, talabalar boshqa nodavlat oliygohlargv tarqatib yuboriladi. Davlatnikiga o‘ta olmaydi, agar davlatnikiga o‘tmoqchi bo‘lsa, umumiy tartibda imtihon topshiradi.

Bu yomonmi?

Albatta yomon, talaba davlat oliygohida yoki xususiyda o‘qiydimi, u baribir mana shu davlatning fuqarosi hisoblanadi, u to‘lagan puldan ish o‘rinlari yaratilmoqda, ulardan davlat byudjetiga milliardlab soliq to‘lanmoqda, demakki talabalarning haq-huquqlari joy-joyiga qo‘yib qo‘yilishi kerak.

Talaba xususiy oliygohga davlatga ishonib bordi, u davlatga ishonib to‘lov qildi, davlatning bergan lisenziyasiga ishonib o‘qish uchun umrini, vaqtini sarfladi, endi davlat oliygohning lisenziyasini bekor qilsa, u talabaning huquqlarini ham joy-joyiga qo‘yishi kerak deb o‘ylayman.

Agar u o‘qiyotgan yo‘nalish boshqa nodavlatda yo‘q bo‘ladigan bo‘lsa, davlat bunga yechim berishi kerak, uni davlat oliygohining aynan o‘sha yo‘nalishiga hech qanday imtihonsiz olishi kerak, chunki bu talabaning huquqi, uni ixtiyoriy-majburiy tarzda xohlasang, shu, bo‘lmasa, katta ko‘cha deyish ham mumkin, lekin bu holatda mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan islohotlar degan gaplarni yig‘ishtirib qo‘yishimiz kerak.

Bektosh Hotamov