xTest.uz Diagnostik testlar
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Chirchiqda Janubiy Qozog‘iston universitetining filiali tashkil etiladi

04-dekabr 12:36
Chirchiqda Janubiy Qozog‘iston universitetining filiali tashkil etiladi

2024/2025 o‘quv yilidan ishga tushadigan filialda iqtisodiyot tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Chirchiq shahrida M.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining filiali tashkil etilishi mumkin. Vazirlar Mahkamasining shu haqdagi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Qaror loyihasida keltirilishicha, filial universitetning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi. U yerda ta’lim jarayoni O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablari inobatga olingan, universitet tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

2024/2025 o‘quv yili boshlangunga qadar filial professor-o‘qituvchilarining tarkibi yuqori malakali, jumladan, 40 foiz M.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti professor-o‘qituvchilari bilan to‘ldiriladi. Bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi universitet diplomi beriladi.

Hujjatga ko‘ra, filialga qabul parametrlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan hamda manfaatdor vazirliklar va idoralarning mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olgan holda, filialning vasiylik kengashi qaroriga binoan tasdiqlanadi. Filialning har yilgi qabul parametrlarining 5 foizdan kam bo‘lmagan qismi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli talaba bo‘lgan farzandlari orasidan tanlov asosida abituriyentlarni filial mablag‘lari hisobidan bepul o‘qishga qabul qilish uchun ajratiladi.