xTest.uz Diagnostik testlar
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

O‘zbekiston ingliz tilini bilish darajasi reytingida Afg‘onistondan ham past o‘rinni egalladi

25-noyabr 14:55
O‘zbekiston ingliz tilini bilish darajasi reytingida Afg‘onistondan ham past o‘rinni egalladi

EF (Education First) kompaniyasi tomonidan tuzilgan ingliz tilini bilish darajasi indeksida O‘zbekiston 113 ta o‘rindan 93-o‘rinni egalladi. Dunyo bo‘ylab 2,2 million ishtirokchini qamrab olgan tadqiqot 2023-yilda o‘tkazilgan EF Standard English Test bepul onlayn til testi natijalariga asoslangan.

E’tiborlisi, O‘zbekiston 2022-yilgi reytingga nisbatan to‘rt pog‘onaga pastlagan. Hisobotda tillarni bilish darajasi Farg‘ona va Andijon viloyatlarida ayniqsa pastligi, eng past ko‘rsatkich respublikaning qolgan barcha viloyat va shaharlarida ham qayd etilgani ta’kidlangan.

“Markaziy Osiyoda ingliz tilini bilish darajasi past va barqaror, deyarli barcha mamlakatlarda erkaklar foydasiga gender farqi o‘rtachadan yuqori”, — deb xulosa qilinadi hisobotda.

Markaziy Osiyo davlatlari reytingda quyidagi o‘rinlarni egallagan:

  • Qirg‘iziston 90-o‘rin;
  • Qozog‘iston 104-o‘rin;.
  • Tojikiston 112-o‘rin.

Turkmaniston esa ro‘yxatda aks etmagan. Afg‘oniston reytingi Markaziy Osiyoning barcha davlatlaridan yaxshiroq bo‘lib, 88-o‘rinni tashkil qilgan. Barcha Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqat Qirg‘iziston va Afg‘onistonda ijobiy, boshqa davlatlarda esa salbiy tendensiya kuzatilgan.

Ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha yetakchilik qilgan davlatlar qatoriga Niderlandiya, Singapur va Avstriya joy olgan. Ro‘yxatni Kongo Demokratik Respublikasi yakunlab, eng past o‘rinni egallagan.