xTest.uz Diagnostik testlar
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Oʻzbekiston taʼlim tizimi - tajriba uchun boqilayotgan quyon...mi?

1.03.2023 22:33
Oʻzbekiston taʼlim tizimi - tajriba uchun boqilayotgan quyon...mi?

2023-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonning ta’lim tizimiga tegishli ayrim bandlarini tahlil qilamiz.

"8. Ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida:

a) 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilsin"

E’tibor bersangiz, chinovniklarimiz "ilg‘or xorijiy tajriba" degan jumlani yaxshi ko‘rishadi. Ta’lim sohasiga oid qaysi hujjat - davlat dasturi, konsepsiya, qaror, farmonni olib qaramang, shu jumlani uchratasiz. "Ilg‘or xorijiy tajriba" deganda o‘zi nimani tushunyapmiz? Aniq maqsadimiz nima, borar manzilimiz qayer? Bu maqsadga erishish uchun, manzilning qancha qismini bosib o‘tdik va qanchasi qoldi? Yoki O‘zbekiston ta’lim tizimining peshonasiga muttasil "Ilg‘or xorijiy tajriba" asosida isloh qilinish yozilganmi?

O‘quvchilarga ikkita xorijiy til o‘rgatish. Tilni o‘zi nima maqsadda o‘qitmoqchimiz? Agar o‘quvchi hech bo‘lmaganda shu til muhitiga tushganda o‘zini yo‘qotib qo‘ymasligi, til egalari bilan muloqotga kirisha olishi, shu til orqali o‘zining kundalik ehtiyojlarini qondira olishi va o‘ziga kerakli ma’lumotlarni topib tushunishini istasak, demak, maktabni bitirayotgan o‘quvchi CEFR bo‘yicha hech bo‘lmaganda B1 darajani egallashi kerak. Buning uchun esa, mutaxassislar fikricha, kamida 530-680 o‘quv soati kerak. O‘zbekiston o‘quvchilarining o‘quv yuklamalari boshqa davlatlarga nisbatan ko‘pligi haqida yillar davomida bong urib kelinayotgan bir paytda, yana bitta qo‘shimcha tilni o‘rgatish uchun soatlar qayerdan olinadi?

Yana bir jihat. Maktablarda shundoq ham ona tilidan tashqari yana kamida ikkita til o‘rgatilyapti: rus tili (u ham o‘zbek bolasi uchun ona tili emas) va chet tili (ingliz, nemis, fransuz yoki boshqa). Bu tillar ustiga uchinchi til qo‘shilishi qay darajada samarali natijalarga olib keladi?

Kasb-hunarga o‘rgatish. Kasb-hunarga o‘rgatish ham tizimli va vaqt talab qiladigan jarayon: tizim samarali ishlashi uchun maxsus o‘quv dasturlari, kasbga o‘rgatadiganlarning malakasiga qo‘yiladigan talablar, bo‘lajak ish muhiti bilan aloqa, kasbga o‘rgatish tizimida sifat nazorati singari ko‘p bir-biriga bog‘liq masalalarni hal qilish kerak. Haftada bir kunni bo‘shatib qo‘yib, o‘sha kuni o‘quvchilarni ustaxonaga olib chiqish yoki darsdan charchab chiqqan o‘quvchini to‘garakda olib o‘tirish bilan kasb-hunarga o‘rgatib bo‘lmaydi. "Ilg‘or xorijiy tajriba" degan jumlani yaxshi ko‘rar ekanmiz, qaysi "ilg‘or xorijiy tajriba"da o‘rta maktab tizimida kasb-hunarga o‘rgatish samarali yo‘lga qo‘yilgan? Xalqaro tashkilotlar (masalan, OECD ) kasb-hunar ta’limini tashkil qilish bo‘yicha qanday tavsiyalar beradi va ularning qaysilarini bizning maktab sharoitida qo‘llay olamiz?

Maktabda kasb-hunarga o‘rgatadigan bo‘lsak, nega "professional ta’lim tizimini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichlarini joriy qilish orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida" kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar tizimini joriy qildik, bu tizimni "YUNESKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi bilan uyg‘unlashtirish", "ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda mutlaqo yangi professional taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish" haqida bong urdik?

Umuman, qaysidir bitta maktabda "ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatishni yoʻlga qoʻyish" taklifining past-balandi ilmiy jihatdan tahlil qilindimi? Yoki har bir tuman (shahar)da bittadan tashkil qilinadigan bunday maktablar davlat rahbarining joylarga tashrifi paytida olib kirish uchun, "Potyomkin" uslubidagi "namunali-tomosha" maktabi ("образцово-показательная школа") sifatida kerakmi? Bundan O‘zbekiston ta’lim tizimi nimani yutadi-yu, nimani yutqazadi?

"8. Ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida:

b) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoa bo‘lib ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlari amaliyotga kiritilsin.

Bunda:

  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1-4-sinflarida o‘quvchilarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish;
  • 5-9-sinflarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlaridan tayanch bilimlar berish;
  • 10-11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyoti joriy qilinsin."

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich ... ta’lim dasturlarini amaliyotga kiritish. Stop. Aniqlashtirib olaylik. Qaysi ta’lim dasturlari haqida gap ketmoqda?

2023-yilgi dastur, farmonning nomidan ("2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida") kelib chiqilsa, 2022-yilda tasdiqlangan "2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi "ning bir qismi, to‘g‘rirog‘i, shu umumiy strategiyani amalga oshirish maqsadida qabul qilngan, shundaymi? "2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi"da esa "2026-yilga qadar o‘quv dasturlari va darsliklarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘la qayta ko‘rib chiqib, amalda joriy etish" maqsadida (42-maqsad) "Milliy o‘quv dasturiga asosan 2026-yilga qadar yangi darsliklar, mashq daftarlari, o‘qituvchi metodika kitoblari hamda mobil ilovalarni yaratish" vazifasi belgilangan. 2023-yil dasturida "ta’lim dasturlari" deganda Milliy o‘quv dasturi nazarda tutilganmi? Agar "ha" bo‘lsa, "o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoa bo‘lib ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlari" degan balandparvoz va uzun jumlalar o‘rniga oddiy va tushunarli qilib "Milliy o‘quv dasturi" deyilsa bo‘lmaydimi? Agar "yo‘q" bo‘lsa, bu yangi dastur bo‘ladimi? Soliq to‘lovchilar va xalqaro donorlar puliga yaratilgan Milliy o‘quv dasturi nima bo‘ladi? Qaysi "ilg‘or xorijiy tajriba"da har ikki-uch yilda "bosqichma-bosqich" yangi ta’lim dasturlari joriy qilinganini ko‘rgansiz?

1-4-sinflarda o‘quvchilarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish. Yana o‘sha savol. Qaysi darsliklar nazarda tutilmoqda? Milliy o‘quv dasturi asosida davlat byudjeti va UNICEF ko‘magida yaratilgan darsliklarmi? Bu darsliklarning 1-3 sinflarga mo‘ljallanganlari yaratilgan va hozirda maktablarga ishlatilmoqda, 4-sinfga mo‘ljallanganlari esa Prezident farmoniga ko‘ra shu yil yaratilishi kerak edi. AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) mablag‘lari evaziga yaratilgan darsliklar, shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov puliga yaratilgan darsliklar ham bor. Bularning barchasi, bayonotlarga ko‘ra, xalqaro tajribaga asoslangan. Bu darsliklarning keyingi taqdiri nima bo‘lishi haqidagi ilgari berilgan savollarning birontasiga 2023-yil dasturi aniqlik kiritmaydi.

Yana bir muhim jihat. Milliy o‘quv dasturini yaratishda, u asosidagi darsliklarni, “O‘zbekistonda barkamollik uchun ta’lim” dasturi doirasida darsliklarni yaratishda xalqaro tashkilotlar, xalqaro donorlar ham ishtirok etgan. Xalqaro loyihalarning samarasini baholashda barqarorlik (sustainability) va uzoq muddatli ta’sir (impact) muhim mezonlar ekanligini hisobga olsak, har ikki-uch yilda dasturlar va darsliklarni almashtirish O‘zbekistnning xalqaro donorlar oldidagi obro‘siga va ularning kelgusida O‘zbekistondagi loyihalarga mablag‘ ajratish, kuch sarflash ishtiyoqiga qanday ta’sir qilishi mumkin?

5-9-sinflarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlaridan tayanch bilimlar berish. "Ta’lim to‘g‘risida"gi Qonunga muvofiq, "tayanch o‘rta ta’lim (5-9 sinflar) o‘quv dasturiga muvofiq ta’lim oluvchilarga bilim, malaka va ko‘nikmalarning zaruriy hajmini beradi, ularda mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini rivojlantiradi". Shunday ekan, 2023-yil dasturiga bu bandni kiritishdan maqsad nima, u qanday ma’no yuki (смысловая нагрузка) tashiydi?

10-11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyoti joriy qilish. Agar ixtisoslashtirilgan dasturlar asosida ta’lim berish 10-11 sinflarda hamma maktablarda yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa, Prezident ta’lim muassasalari agentligi (hozirgi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi) tizimidagi 5 va 7 sinflardan qabul qiladigan ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning vazifasi nima? 2023-yil dasturida nazarda tutilgan "ixtisoslashgan dasturlar asosida o‘qitish" Xalq ta’limi vazirligi 2020-yilda "o‘quvchilarning o‘zi qiziqqan fanlarni chuqur o‘rganishiga sharoit yaratish" maqsadida joriy qilgan variativ o‘quv rejalaridan qanday farq qiladi?

Umuman, 2023-yilgi davlat dasturining loyihasini yozish, muhokama paytida bildirilgan takliflardan kelib chiqib qayta ishlash, kelishish, tasdiqlash jarayonida qatnashganlar ta’lim tizimida shu paytgacha bo‘lgan jarayonlar, amalga oshirilgan ishlardan xabardormi, ularning natijasini tahlil qilib ko‘rganmi? Yoki ta’lim tizimi har safar rahbarlar o‘zgarganda hamma narsani "nol"dan boshlashga mahkummi? O‘zbekiston ta’lim tizimining peshonasiga muttasil "Ilg‘or xorijiy tajriba" asosida isloh qilinish yozilganmi?

"8. Ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida:

v) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilsin.

Bunda, ovqat turlari o‘quvchilarning yoshi va sog‘lig‘i holatiga ko‘ra me’yorlangan holda yetkazib berilishi hamda sanitariya talablariga javob berishi ta’minlansin."

Bu yerda endi, nazarimda, izohga ham hojat yo‘q. "Bepul" deyilayotgan (aslida bepul emas - soliq to‘lovchi pul to‘laydi) ovqat bilan ta’minlash tashabbusi yangragandayoq mutaxassislar o‘z xavotirlarini bildirishgan edi. "Ilg‘or xorijiy tajriba asosida" der ekanmiz, qaysi "ilg‘or xorijiy tajriba"da bolaga 4700 so‘mlik oziq-ovqatni qurilish bilan shug‘ullanadigan tashkilot yetkazib beradi? 4700 so‘mga "o‘quvchilarning yoshi va sog‘lig‘i holatiga ko‘ra" to‘g‘ri keladigan, uning salomatligiga zarar yetkazmaydigan qanday ovqat beradi o‘zi? Dasturga bu bandni kiritganlar, masalan, Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maktablarda ovqatlanishni tashkil qilish bo‘yicha tavsiyalari bilan tanishib chiqqanmi? Qoraqalpog‘iston va Xorazmda amalga oshirilayotgan va endi butun respublikaga tadbiq qilinadigan mexanizm shu tavsiyalarga yoki boshqa ilg‘or xorijiy tajribaga qay darajada mos keladi?

Manba: https://t.me/jalilovqaydlar/358