xTest.uz Diagnostik testlar
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

O‘zbekistonda tibbiyot yo‘nalishidagi OTMlarda 5 mingdan ko‘proq hindistonlik o‘qiydi

10-may 11:48
O‘zbekistonda tibbiyot yo‘nalishidagi OTMlarda 5 mingdan ko‘proq hindistonlik o‘qiydi

O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev Tamil Nadu shtati ma’muriy markazi markazi – Chennay shahriga amaliy tashrifi doirasida "Dr. Rela" ko‘ptarmoqli shifoxonasi ijrochi direktori Ilankumaran Kaliamurti bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O‘zaro muloqot chog‘ida mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar jarayoni, jumladan, sog‘liqni saqlash tizimini zamonaviy talablar darajasida isloh qilish, ushbu sohadagi xalqaro aloqalarni rivojlantirish uchun yaratilayotgan qulay muhit haqida so‘zlab berildi.

Hindistonning "Aakash" va "Pratiksha" ko‘ptarmoqli shifo maskanlarining O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli faoliyati, mamlakatimiz tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida 5 ming nafardan ko‘proq hind yigit-qizlari ta’lim olayotganiga alohida e’tibor qaratildi.

Ilankumaran Kaliamurti O‘zbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan yangilanish jarayonidan xabardorligini ma’lum qilib, sog‘liqni saqlash sohasida birgalikda ishlash istiqbollaridan manfaatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda "Dr. Rela" ko‘ptarmoqli shifoxonasi bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi va shu maqsadda birgalikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, "Dantech Dental Lab" tish kasalliklari shifoxonasi boshqaruvchi rahbari doktor Varun Gunasilan bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida ham o‘zaro hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.