xTest.uz Diagnostik testlar
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Yangi universitetlar ochilishi davom etadi

7.02.2023 17:13
Yangi universitetlar ochilishi davom etadi

O‘zbekistonda oliy ta’limga qamrov ko‘rsatkichi oshib bormoqda. O‘tgan yillar davomida 9 foizga ham yetib-yetmagan qamrov birgina 6 yil ichida 38 foizga ko‘tarildi.

Qamrov oshgani-ku, yaxshi, lekin undagi ko‘tarilish sifat masalasiga qanday ta’sir qiladi, mehnat bozorimiz-chi, u bugungi qamrov talablari, yetishib kelayotgan kadrlar ko‘rsatkichiga javob beradimi, tayyormi?

Kun.uz muxbiri oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Komiljon Karimovga shu kabi savollar bilan yuzlandi.

Keyingi yillarda oliy ta’limda qamrovning oshib borayotganiga e’tibor qaratsak. 2015 yilda 9 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda 35-40 foiz o‘rtasida. Ayrim xorijiy davlatlarda bu ko‘rsatkich 80-90 foiz atrofida, bizda ham rejalar bor. Umuman, oliy ta’lim qamrovi qancha bo‘lishi kerak O‘zbekiston sharoitida?

— Barcha sohalar kabi oliy ta’limda ham aniq dasturlar asosida islohotlar amalga oshirilyapti. Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingan. Aynan shunda tizim rivojlanishi belgilangan va aniq maqsadlar qo‘yilgan.

Oliy ta’lim faqatgina mehnat bozoridagi imkoniyat emas. Butun dunyoda oliy ta’lim «ijtimoiy lift» vazifasini bajaradi. Kam ta’minlangan aholining katta qismi aynan oliy ta’lim olmaganlar bo‘ladi, ya’ni oliy ta’lim imkoniyat ochadi har tomonlama. Aholimizning yarmini yoshlar tashkil qiladi, shuning uchun ham ta’lim masalasi muhim. Hozirda 209 ta oliy ta’lim muassasalari bo‘lsa, ularda bir milliondan ortiq talabalar o‘qiyapti. Ilgari bor-yo‘g‘i 250 ming talaba bo‘lgan.

— Xorijiy OTM filiallari ochilishi, xususiy va yangi davlat oliy ta’lim muassasalari ochilishi evaziga qamrov oshib boryapti. Bundan keyin ham shu tarzda davom etadimi?

— 2017 yilda respublikamizda 77 ta oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan va bular ichida deyarli nodavlat OTM bo‘lmagan. 209 ta OTMdan 114 tasi davlat oliy ta’lim muassasalari bo‘lsa, 65 tasi nodavlat va qolgan 30 tasi xorijiy OTM filiali. Bunda eng katta o‘sish nodavlat oliy ta’lim muassasalariga to‘g‘ri keladi. Bundan maqsad – raqobatni rivojlantirish. Xususiy sektorlarning jalb qilinishi yangicha yondashuvlarning ham kirib kelishiga sabab bo‘lyapti.

Prezidentimiz tomonidan har bir viloyatda kamida bittadan nodavlat OTM tashkil etish vazifasi qo‘yilgan va jarayon jadal davom etmoqda. Joriy yilda ham yangi muassasalar ochiladi.

Qamrov oshib borayotgan bir paytda bitiruvchilarning mehnat bozorida o‘rnini topish masalasi ham dolzarbligicha qoladi. Bu borada nima qilish kerak? OTM faqatgina bilim berish bilan cheklanib qolmasligi kerakdek...

— Bu yil 250 mingga yaqin talaba bitiradi. Ularga mehnat bozorida munosib ish bormi, degan savol tug‘iladi. Lekin ularning barchasi davlat tomonidan ish bilan ta’minlanishi noto‘g‘ri. Qanchadir miqdoriga o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlaydigan ko‘nikma berishimiz kerak. Va bu jarayonlar boshlangan. Ko‘plab oliy ta’lim muassasalarida tadbirkorlik ko‘nikmalari o‘qitilyapti. Ko‘p OTMda karera markazlari tashkil qilish bo‘yicha talab qo‘yilgan. Bu markazlar talabalarni mehnat bozoriga tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish nazarda tutilgan. Bu markazlar yordamida yengilliklar bo‘ladi yoshlarga.

— Talabalar soni oshib borishi bilan yotoqxonalar muammosi yaqqol sezilyapti. Talabalarni yotoqxonalar bilan ta’minlash masalasi qamrovdan ortda qolyaptimi?

— Bu masala faqat yotoqxonalar bilan emas, umuman ta’lim infratuzilmasida. Bugungi kunda aynan talabalarni turar joy bilan ta’minlash qamrovi 40 foizdan oshdi, ya’ni yotoqxonalarga ehtiyoji bor talabalar doirasida. Hozirda yangi TTJlar qurilyapti, davlat tomonidan yoki xususiy sherikchilik asosida ta’minlanyapti. Bu bo‘yicha aniq rejalar bor va bu jarayon davom etadi. Lekin davlat barcha talabalar uchun yotoqxonalar yaratib beradi desak, qiyin bo‘ladi bu masala. Ijarada turuvchi talabalarga ham kompensatsiya to‘lab berilyapti.

2022 yilda 47 ta talabalar turar joyi qurilishi rejalashtirilgan edi. Qay darajada amalga oshirildi? O‘tgan yili kuzatilgan muammolar bu yil ham bo‘lishi mumkinmi?

— 18 800 o‘rinli talabalar turar joyi qurilishi kerak edi. Lekin ayrim sabablarga ko‘ra, 28 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi, 20 mingdan ortiq yotoq o‘rinlari tashkil qilindi.

Barcha talaba turar joy bilan ta’minlanadi, desak ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Biroq muammolar yuzaga kelmasligi uchun jarayonni raqamlashtirishimiz kerak. Ya’ni yotoqxona bilan ta’minlanishi kerak bo‘lgan talabalar ro‘yxatini shakllantirish va shu bo‘yicha ish olib borish. Bunda elektron navbat tizimi bo‘ladi va ochiq shaklda.

— Bugungi kunda oliy ta’lim tizimi raqamlashtirish borasida qaysi bosqichda? Bu borada qanday yangiliklarni kutishimiz mumkin?

— Raqamlashtirish biz uchun ustuvor vazifa. Davlat idoralari orasida raqamlashtirish borasida reyting olib boriladi. 2022 yil uchinchi choragi natijalariga ko‘ra, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vazirliklar ichida ikkinchi o‘rinni egalladi. Barcha ta’limga daxldor bo‘lgan jarayonlarni raqamlashtirishga harakat qilinyapti. Oliy ta’limni boshqarish elektron tizimi bo‘lgan HEMIS tizimi eng katta yutug‘imiz deb o‘ylayman. Bizdagi elektron platformalar boshqa davlat idoralari platformalari bilan integratsiya qilingan. Deylik, yagona davlat xizmatlari platformasi bilan, soliq tizimi bilan, xalq ta’limi tizimi platformalari bilan integratsiyalashgan. Umuman, bu borada ko‘p ishlarimiz bor, hali ko‘p jarayonlarni raqamlashtirishimiz kerak. Vazirlikda alohida elektron ta’lim markazi bor va bizning resurslarimiz yetarli.

Moliyaviy mustaqillik to‘g‘risida ham gaplashsak. 2022 yilning o‘zida 35 ta OTMga moliyaviy mustaqillik berildi. Shu o‘tgan bir yil bu borada nimalarni ko‘rsatdi? Muammo va kamchiliklar ko‘zga tashlandimi?

— Bu ham ustuvor vazifalardan biri: OTMga boshqaruv, akademik va moliyaviy mustaqillik berish. Prezident qarori bilan 35 ta OTMga mustaqillik berilgan edi va yil mobaynida ularning soni 41 taga yetdi. Bir yil ichida tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Chunki ko‘p vaqt markazlashtirilgan tizimda bo‘lgan OTM bir yildayoq o‘zgardi, deyish haqiqatga to‘g‘ri bo‘lmaydi. Muhim qadamlardan biri barcha OTMda kuzatuv kengashlarini tuzish bo‘ldi va ular o‘z faoliyatini amalga oshirib kelyapti. OTM ehtiyojidan kelib chiqib, tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish vakolati berildi. Yana muhim vakolatlardan biri OTM strategik rejalarini tuzish. Bulardan tashqari moliyaviy masalalardagi vakolatlar ham bor. Kvotalar masalasi ham xuddi shunday mustaqil tarzda hal qilinyapti. Bosqichma-bosqich boshqa OTMga ham bunday vakolatlar berish ko‘zda tutilgan.

Magistratura, doktorantura bosqichlari uchun qabullarda korrupsion holatlar ko‘pligi aytilar edi oldin. Qabuldagi o‘zgarishlar bunga qanchalik ta’sir qildi?

— Qandaydir bahslar va e’tirozlarga ham sabab bo‘ldi. Lekin bu yerda ham inson omilidan qutulishga harakat qildik. Chet tilini bilishi to‘g‘risidagi sertifikat va bakalavriatdagi o‘rtacha balli talab qilinadi. Boshqa hech qanday hujjat kerak emas, imtihon ham bo‘lmaydi. Bu ham xorijiy tajriba. Yengillik tariqasida magistraturaga ikki marta qabul joriy qilindi, ya’ni avgust oyida va qish oylarida. Umuman, qabul jarayonida korrupsiya yo‘qolyapti va chet tilini biladigan bilimli talabalarni qabul qilish imkoni paydo bo‘lyapti.

Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarimizning dunyoda tutgan o‘rni qanday? Bu borada qanday ishlar olib borilyapti?

— Bu borada yutuqlarni e’tirof etishimiz kerak. O‘tgan 2022 yilda sakkizta oliy ta’lim muassasamiz Osiyoning mingtalik reytingiga kirdi. Bunday holat birinchi marta bo‘ldi tariximizda. Bundan tashqari dunyo reytingida ular o‘z holatini yaxshiladi. Yana 28 ta OTM reytingga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Albatta, reytinglarning o‘z me’yoriy mezonlari mavjud. Eng ko‘p e’tiborga olinadigani ilmiy salohiyati hisoblanadi. Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash ham muhim o‘rin tutadi bunda. Asl maqsad reytingga kirish emas, o‘sha reytinglar orqali OTMda ilmiy salohiyatni ko‘tarish, ta’lim sifatini yuqori darajaga olib chiqish.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Maqsuda Abduqayumova suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi Javohir G‘ayratov.