xTest.uz Diagnostik testlar
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

11-yanvarda dars bo‘ladimi? So‘nggi ma’lumotlar

10.01.2023 23:35
11-yanvarda dars bo‘ladimi? So‘nggi ma’lumotlar

Kun.uz xabariga ko‘ra, 10 yanvar soat 23:30 holatiga, qishki ta’til qachon tugab, darslar qachon boshlanishi masalasiga aniqlik kiritgan hududlar soni 9 taga yetdi. Farg‘onadagi maktablarda 3-chorak 16 yanvardan, Qoraqalpog‘istonda 12 yanvardan boshlanadi.

Foto: Kun.uz

Toshkent

11 yanvardan boshlab poytaxtdagi umumta’lim maktablarida ularning sharoiti, ishlashga tayyorligiga qarab, bosqichma-bosqich o‘quv jarayonlari boshlanadi.

Bu haqda kech soat 22:47da ma’lum qilgan shahar hokimligiga ko‘ra, darslar qachon boshlanishini maktablar rahbariyati ota-onalar kengashi bilan kelishgan holda hal qiladi.

Hokimlik bayonotidagi bu ikki abzats bir-biriga zid: 11 yanvardan darslar boshlanishi aytildi, lekin qaysi maktablarda boshlanishiga aniqlik kiritilmadi – qanday qilib ota-onalar 11 yanvardan darsni boshlash haqidagi qarorga kelishlari mumkin, axir 10 yanvar deyarli tugagan.

Surxondaryo

Avvaliga, soat 21:41da Surxondaryo viloyatidagi barcha umumta’lim maktablarida ertaga, ya’ni 11 yanvardan an’anaviy shaklda darslar boshlanishi e’lon qilindi.

Soat 22:32da esa qo‘shimcha xabar berildi: viloyatning tog‘li, olis hududlaridagi maktablarda dars mashg‘ulotlari boshlanmaydi.

Tumanlar hokimliklari tomonidan tog‘li, olis hududlarda joylashgan maktablar ro‘yxati shakllantiriladi va bu maktablarda an’anaviy dars mashg‘ulotlarining boshlanish sanasi qo‘shimcha ma’lum qilinadi.

Xorazm

Xorazm maktablarida ham darslar 11 yanvardan boshlanadi.

Bu haqda soat 12:10da xabar qilgan viloyat hokimligi bu qarorini “O‘zgidromet” prognozi bilan izohlagan. Unga ko‘ra, 11-18-yanvar kunlari viloyatda havo haroratining keskin tushib ketmasligi kutilyapti.

Andijon

Andijondagi ta’lim muassasalarida (nafaqat maktablar) 11 yanvardan rasman o‘quv jarayonlari boshlanadi. Bu haqda viloyat hokimligi 10 yanvar kuni soat 12:34da ma’lum qildi.

Kechqurun viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov shu masalada yig‘ilish o‘tkazdi. Tuni bilan mas’ullar maktablarning sharoitini yaxshilash ishlari bilan band bo‘lishi ma’lum qilindi. Abdurahmonovning o‘zi 11 yanvarga o‘tar kechasi Andijon shahridagi 10-maktabda bo‘lib turibdi.

Buxoro

Buxoro viloyatidagi barcha umumta’lim maktablarida 3-chorak 11 yanvardan boshlanadi. Bu haqda viloyat XTB 10 yanvar kuni soat 17:04da e’lon qildi.

Samarqand

Samarqand viloyatidagi jami 1255 ta umumta’lim maktabidan 950 tasida darslar 11 yanvar kuni boshlanadi.

Havo harorati keskin sovigan vaqtda transportda borish qiyinligi, masofa uzoqligi va zarur issiqlik bilan ta’minlash imkoniyati cheklangani sababli 97 ta maktabda darslar 13 yanvardan, 208 tasida 18 yanvardan boshlanadi.

Viloyatdagi 13 ta OTMning hammasida darslar 11 yanvardan boshlanishi ma’lum qilindi. 73 ta o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi maskanlaridan 71 tasi 11 yanvardan, 2 tasi 13 yanvardan o‘quv jarayonlariga kirishadi.

Yuqoridagilar haqida soat 21:23da xabar bergan Samarqand viloyati hokimligi qaysi maktablar qachondan ochilishiga hozircha aniqlik kiritmadi.

Qashqadaryo viloyati

Viloyat hokimligining 10 yanvar soat 22:07da ma’lum qilishicha, viloyatdagi ta’lim muassasalarida dars jarayonlari 11 yanvardan bosqichma-bosqich boshlanadi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, “bosqichma-bosqich” deganda hududdagi ob-havo sharoiti, OTM yotoqxonalaridagi shart-sharoitlarga qaraladi.

Xususan, tog‘li va uzoq qishloqlar maktablarida ta’lim jarayonlari 16 yanvardan boshlanadi. Xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi imkoniyati cheklangan maxsus maktab-internatlarida o‘qish 18 yanvardan boshlanadi.

Prezident ta’lim muassasalari agentligiga qarashli ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarida esa o‘qish 16 yanvardan boshlanadi.

Viloyatdagi barcha bog‘chalarda ta’til 17 yanvargacha davom etib, ular faoliyatini 18 yanvardan boshlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Qoraqalpog‘istondagi maktablarda darslar 12 yanvar, payshanbadan boshlanadi. Hozircha istisnolarsiz.

Bu haqda respublikaning Xalq bilimlendirish ministrligi soat 18:21da xabar qildi.

Farg‘ona viloyati

11 yanvardan Farg‘ona viloyatidagi 12 ta OTM, 76 ta texnikum, kollej va kasb-hunar maktablarida o‘qish boshlanadi.

Viloyatdagi 975 ta umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarda esa uchinchi chorak 16 yanvar, dushanbadan start oladi.

Viloyatdagi bog‘chalar ham 16 yanvardan odatiy faoliyatiga qaytadi.

Viloyat hokimligi yuqoridagilar haqida 10 yanvar soat 15:02da xabar berdi.

Ayni paytgacha Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Navoiy va Toshkent viloyatlari rasmiylari ta’til qachon tugashiga aniqlik kiritmadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalboshdan maktablarda ta’til 10 yanvarda tugashi, darslar 11 yanvardan boshlanishi belgilangan edi. Lekin anomal sovuq prognozidan keyin, 5 yanvar kuni dars jarayonlari 18 yanvargacha uzaytirilgani e’lon qilindi. Oxir-oqibat 10 yanvar kunining ikkinchi yarmi va oxirgi soatlariga kelib, hammasi o‘zgarib ketdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ko‘ra, ta’tilni uzaytirish yoki uzaytirmaslik vakolati hududlar hokimlariga berilgan.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy va professional ta’lim muassasalari hamda akademik litseylarda 11 yanvardan e’tiboran bosqichma-bosqich dars mashg‘ulotlari boshlanishini bildirgan.