xTest.uz Diagnostik testlar
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Magistratura talabasi bo‘lgan qizlarning kontrakti davlat tomonidan to‘lab beriladi

1.03.2022 18:34
Magistratura talabasi bo‘lgan qizlarning kontrakti davlat tomonidan to‘lab beriladi

Prezident videoselektorida ta’lim tizimida xotin-qizlar uchun yana bir qator keng imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

Unga ko‘ra:

  • yangi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq budjetdan qoplab beriladi (23 ming nafar qizlarga 200 milliard so‘m)
  • har yili 50 nafar qizlar nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavr va 10 nafari magistraturaga yuboriladi
  • har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan 150 nafar qizlarning (jami 2,1 ming nafar) ta’lim kontrakti mahalliy budjetdan to‘lab beriladi
  • yosh farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy o‘qishga sharoit yaratiladi
  • doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

«Ta’lim tizimining barcha pog‘onalarida o‘qishga intilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va ularga sharoit yaratamiz», – degan prezident.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi qabul qilinadi.

Dastur doirasida poytaxtda asosan xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi. Joylarda uning texnikumlari ham ochiladi.

Shuningdek, ayni paytda ayollarimiz ulushi past bo‘lgan aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishidagi OTMlarda xotin-qiz talabalar ulushi hozirgi 24 foizdan 40 foizgacha yetkaziladi.

Buning uchun har yili xotin-qizlarning talaba bo‘lishiga kvotaning kamida 50 foizi aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishlari uchun maqsadli ajratiladi.

Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab oliygoh, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun, ilk marta 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi.

«Bu imkoniyat hali bizning tariximizda umuman bo‘lmagan», dedi davlat rahbari.