xTest.uz Diagnostik testlar
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Qo‘rquv va hayajonni qanday jilovlash mumkin? Abituriyentlarga psixolog tavsiyalari

30-iyun 02:55
Qo‘rquv va hayajonni qanday jilovlash mumkin? Abituriyentlarga psixolog tavsiyalari

Aslida har qanday imtihon emotsiyalarga boy va hayajonli o‘tadi. Toshkent davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi, psixologiya fanlari nomzodi Gulmira Boyuzakova abituriyent uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan imtihonda hayajonni jilovlash bo‘yicha tavsiyalar bilan bo‘lishdi (manba: kun.uz).

Imtihon vaqtida muvaffaqiyatga erishish uchun ikki omil muhim:

  1. Nazariy tayyorgarlik
  2. Psixologik tayyorgarlik

Abituriyent mavzularni qanchalik yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lsa ham, imtihon vaqtidagi hayajon dushmanga aylanishi mumkin.

Diqqatni jamlash

  • Titul varag‘ini to‘ldirish kabi barcha rasmiyatchiliklarni bajarib bo‘lgach, diqqatni jamlashga va atrofni unutishga harakat qiling. Siz uchun faqat vazifalar matni va soatlar mavjud bo‘lishi kerak.
  • Javobni kiritishdan oldin savolni ikki marta o‘qing va sizdan nima talab qilinayotganini to‘g‘ri tushunganingizga ishonch hosil qiling.

Osonidan boshlash

  • Test yechishni sizda shubha tug‘dirmaydigan savollarga javob berishdan boshlang. Uzoq o‘ylantiradigan savollarga ko‘p to‘xtalmang. Shunda ancha tinchlanasiz, yuklama yengillashadi. Miya yanada aniq ishlay boshlaydi.

Shoshmaslik va vazifani oxirigacha o‘qish

  • Vazifani birinchi so‘zlaridanoq uning shartini tushunaman deb shoshqaloqlik qilmang. Bunda eng oson savollarga ham xato javob berish ehtimoli oshadi.

Faqat hozirgi vazifa haqida o‘ylash

  • Yangi vazifani o‘qiyotganda avvalgi hamma narsani unuting. Testlardagi vazifalar bir-biri bilan bog‘liq emas, shuning uchun siz ilgari qo‘llagan qoidalar va formulalar yangi vazifani to‘g‘ri hal qilishga xalaqit beradi.

Muvaffaqiyatsizlikni unutish

  • Agar bironta testga javobni bilmasangiz, bu muvaffaqiyatsizlik ta’sirida qolib ketmang. Yangi savolni yangi imkoniyat sifatida qabul qiling.

Istisno qilish

  • To‘g‘ri javobni bilmasangiz, noto‘g‘riligiga ishonchingiz komil bo‘lgan javoblarni ketma-ket chiqarib tashlang. Bu variantlar o‘rtasida tanlov doirasini toraytiradi.

Tekshirib ko‘rish

  • Bajargan topshiriqlaringizni tekshirib chiqishga vaqt ajrating, hech bo‘lmaganda ko‘z yugurtirib, xatolarni ko‘rish uchun vaqt toping.

Taxmin qilish

  • Aniq javobga ishonchingiz komil bo‘lmasa, intuitiv ravishda biror variantni tanlang. Ba’zida intuisiyaga ishonish kerak.