xTest.uz Diagnostik testlar
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

O‘qituvchilarni videoga olib ijtimoiy tarmoqlarga tarqatganlik uchun javobgarlik bor

03-iyul 06:29
O‘qituvchilarni videoga olib ijtimoiy tarmoqlarga tarqatganlik uchun javobgarlik bor

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-2-moddasiga ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Agar ushbu harakatlar ma’muriy javobgarlik qo‘llanilgandan so‘ng 1 yil ichida takrorlansa, unda jinoiy javobgarlik chorasi qo‘llaniladi (Jinoyat kodeksi 141-2-moddasi).

Qo‘shimcha javobgarlik: Agar o‘qituvchi fuqarolik sudiga o‘ziga yetkazilgan ma’naviy zararni undirishni so‘rab da’vo qilsa, yuqoridagi jarimalar qatorida qo‘shimcha zararni qoplash ham talab qilinishi mumkin. Fuqarolik kodeksining 1021-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, zarar or-nomus, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘-e’tiborini haqoratlovchi ma’lumotlarni tarqatish tufayli yetkazilgan bo‘lsa, ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qat’i nazar, qoplanishi belgilangan.

Ma’naviy zarar qoplash:

  • O‘qituvchining videosini ijtimoiy tarmoqqa joylab, uning qadr-qimmatini va ishchanlik obro‘sini to‘kayotgan shaxslarga zararni qoplash majburiyati yuklanadi.
  • Ma’naviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va ma’naviy azoblarning xususiyatiga, shuningdek, ayb tovon to‘lashga asos bo‘lgan hollarda zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab sud tomonidan aniqlanadi.

P.S. Agar o‘qituvchi haqiqatda nohaq bo‘lib, uni videoga olingan bo‘lsa, bu video huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilishi kerak. Shunda video dalil sifatida tan olinishi va o‘qituvchiga muayyan javobgarlik chorasi qo‘llanilishi mumkin. Biroq ijtimoiy tarmoq orqali tarqatish yuqoridagi javobgarlik choralarini qo‘llashga sabab bo‘ladi.